Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 17

Dasturimizning bugungi sonida, «Tilda, fikrda, ishda birlik» degan ezgu g‘oya bilan tanilgan va turkchilik harakatining otasi sifatida qabul qilingan Ismoil Gaspirali haqida so‘z qilamiz.

2131707
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 17

Rossiyadagi turkchilik harakatining otasi sifatida qabul qilingan Ismoil Gaspiralining turk dunyosida muhim o‘rni bor. O‘zi qrim tatarlaridan bo‘lgan Ismoil Gaspirali, 1851 - yilning 21 – marti kuni Qrimdagi Boxchasaroy shahri yaqinida joylashgan Avjiko‘yda dunyoga keldi. Otasi Qrimning Gaspira qishlog‘ida tug‘ilgan va Chor Rossiyasi armiyasida xizmat qilgan leytenant Mustafa Alio‘g‘lidir. Onasi esa zodagon oilaning qizi, Fotma Sultondir. Ta’limini mahalladagi musulmon maktablaridan birida boshlagan Ismoil Gaspirali, keyinchalik Oqmasjid erkaklar gimnaziyasida davom ettirdi. Uni yakunlagach avval Voronejdagi harbiy bilim yurtiga, keyin esa Moskvadagi Harbiy akademiyaga o‘qishga kirdi. Moskva o‘sha paytlarda ruschilik siyosatining markazi edi. U tanishgan rus ziyolilarini hurmat qilish bilan birga o‘quv yurtidagi panslavist ongi muhitida Rossiya imperiyasidagi turklarni uyg‘otish g‘oyasini shakllantira boshladi. Krit qo‘zg‘olonida yunon qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashgan O‘smonli kuchlari qatoriga qo‘shilmoqchi bo‘lgan Gaspirali, Istanbulga kelish maqsadida do‘sti Mustafa Mirzo Davidovich bilan chora izlaydilar. Shu doirada Qrimga keladilar ammo pasportlari yo‘qligi tufayli Odessa chegarasiga ham yetib bormay, qo‘lga tushadilar.

Bu voqea, Gaspiralining harbiy o‘quv yurtidan ketishiga sabab bo‘ladi. Shu bois ham Moskvaga qayta olmaydı va 1868 – yili, 17 yoshida Boxchasaroydagi Zanjirli madrasasida, rus tilidan dars bera boshlaydi. Ko‘p o‘tmay Qrimdan yo‘lga chiqib Istanbulga keladi. U yerdan Vena, Myunxen va Shtutgart orqali Parijga boradi. Parijda ikki yil yashaydi. Shu yil davomida mashhur rus yozuvchisi Ivan Turgenevning yordamchisi va tarjimoni bo‘lib ishlaydi. Keyinchalik, 1874 - yili O‘smonli zobiti bo‘lish istagi bilan o‘zi yaxshi ko‘rgan shaharga, Istanbulga keladi. Biroq bir yildan so‘ng tashabbuslariga ijobiy tusda javob ola olmagani bois Qrimga qaytib ketadi. 1878 - 1884 yillarda Boxchasaroy hokimining oʻrinbosari boʻlib ishlay boshlaydi. Gaspirali borgan joylariyu ko‘rgan narsalaridan nimani o‘rgansa, barcha tajribalarini birodarlari bilan bo‘lishishni istagan. Buni amalga oshirish uchun esa nashriyot – matbaa sohasida faoliyat yuritish haqida qaror qabul qildi ammo ruslar uning gazeta chop etishiga ruxsat bermaydi. Ana shundan keyin, 1881 – yili Oqmasjidda nashr etilayotgan «Tavrida» gazetasida «Gench Molla» ya’ni «Yosh Mulla» degan laqab bilan «Rus musulmonchiligi» deb nomlangan asarini chop ettirdi. Mazkur asarini keyinchalik kitob sifatida bosib chiqargan Ismoil Beyning asl istagi turk tilida asarlar chop ettirish edi. Uning bu borada olib borgan rasmiy tashabbuslari rad etilgach, Tiflisda turli nomlar ostida o‘ziga xos deklaratsiyaga o‘xshash hujjatlarni nashr etdi. Bir necha qiyinchiliklardan o‘tib, va nihoyat, 1883 - yili gazetani to‘liq rus tilida ham chop etish sharti bilan turk tilida gazeta chop etish uchun ruxsat oldi. Birinchi soni Boxchasaroyda chiqqan va bir haftada bir marotaba chop etilgan bu gazetaning nomi «Tarjimoni ahvoli zamon» edi. Bu gazeta, 1912 – yildan e’tiboran har kuni chop etila boshladi. Gaspirali bir tomondan gazeta chop etishga urinar ekan, ikkinchi tomondan «jadid» maktablari ustidan ish olib borar edi. Buning uchun chet elda va mamlakatdan ko‘p joylarga bordi. Bu jarayonlarda sog‘ligi buzilgan Gaspirali, 1914 – yilning 24 – sentabrida, Boxchasaroyda olamdan o‘tdi.

Deyarli butun umrini turk birodarlariga, turklik uchun bag‘ishlagan Gaspiralining, «Tilda, fikrda, ishda birlik» shiori bugungi kunda butun Turk dunyosining shioriga aylandi.

Gaspirali, umrining oxiriga qadar “Tarjumon” gazetasini chop ettirishga harakat qildi va natijada Rossiyadan tashqari Polshadan Bombeyga, Ufadan Misrgacha tarqaldi. Ismoil bey o‘zini nafaqat qrim - tatar, balki buyuk Turk dunyosining vakili sifatida ko‘rdi. Tatar mutafakkiri Jalol Validov o‘zining “Tatarlar ta’limi tarixi va adabiyoti ocherki” asarida Gaspiralining gazeta chiqarish haqidagi g‘oyasini yodga olganida, atoqli tatar olimi Shigabuddin Markaniy tavsiyasiga murojaat qilganiga e’tibor qaratishi bejiz emasdir.

U, nomi tilga olingan gazetaning nashr qilish rejasini tasdiqlagan va rag‘batlantirgan muhim shaxs edi. “Tarjimon” gazetasining qanchalik muhim ekanini tushinib yetish uchun unda chop etilgan maqolalar, uning keng ko‘lamli mavzularni o‘z ichiga olishi va yangiligini yodga olishimiz lozim. Masalan, 1851 – yili chop etilgan gazetaning 2 – sonida «Saratov tatarlari», va «Sibirya musulmonlari»; 1902 – yili chop etilgan gazetaning 18 – sonida «Kasimov tatarlari va Yevropa madaniyati»; 1906 – yili chop etilgan gazetaning 93 – 95 sonida «Uchrashish», «Quyi Novgoroddagi musulmonlar soni»; yana xuddi shu yili chop etilgan gazetaning 79 – 83 sonlarida «Xitoylik musulmonlar» deb nomlangan maqolalari chop etilgan. Gaspirali, «Tilda, fikrda, ishda birlik» shiori bilan butun umrini Turk xalqlarini bir biri bilan yaqinlashtirish, milliy madaniyatlari va siyosiy ongini yuksaltish yo‘liga bag‘ishladi. Bundan tashqari, turk xalqlarining ta’limi uchun musulmon maktablari ustida islohot o‘tkazib, til va dunyoviy ilmlar ham batafsil o‘rganilishiga alohida e’tibor berdi. Uning bu mehnati javobsiz qolmadi va natijada 1914 – yili faqatgina Rossiya imperiyasi chegarasining o‘zida 5000 dan ortiq «jadid» maktabi ochildi. 1910 – yili ijtimoiy - siyosiy, madaniy - ma’rifiy faoliyati uchun Fransiyada chop etilgan «Pevul du monde musulman» jurnali uni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Asr boshlarida Rossiyaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi ko‘plab noshir, yozuvchi va taniqli shaxslar o‘zlarini Ismoil Gaspiralining shogirdlari deb hisoblardi. Gaspirali, gazetada chop etilgan 5 ta maqolasidan tashqari 38 ta kitob va boshqa ko‘plab maqolalari bilan kelajak avlodga o‘rnak bo‘ldi.

Bugungi kunda Turk dunyosi liderlarining qo‘llab – quvvatlashi bilan Turk akademiyasi, TURKSOY, TurkPA kabi tashkilotlarga Gaspiralining azaliy g‘oyalaridan ilhomlangan ravishda asos solindi. Uning hajmli asarlari, g‘oyalari va bu yo‘ldagi ishtiyoqi faqatgina Turk dunyosi avlodlari orqali unutilmay, davom etadi.

 


Tanlangan kalimalar: #Qrim , #Turk dunyosi , #Ismoil Gaspirali

Aloqador xabarlar