Buxoroda III Xalqaro Naqshbandiya festivali o‘tkazildi

Butunjahon So‘fiylar markazi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda viloyatlar hokimliklari tomonidan Toshkent, Samarqand hamda Buxoro viloyatlarida "Ziyorat Turizmi" Forumi bo‘lib o‘tmoqda.

1953482
Buxoroda III Xalqaro Naqshbandiya festivali o‘tkazildi

 

Ayni kunlarda Butunjahon So‘fiylar markazi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda viloyatlar hokimliklari tomonidan Toshkent, Samarqand hamda Buxoro viloyatlarida "Ziyorat Turizmi" Forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Buxoroda ham ushbu Forum doirasida "III Xalqaro Naqshbandiya festivali" hamda "Naqshbandiya o‘gitlari" anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanlar davomida sayyohlik, jumladan, ziyorat turizmi imkoniyatlari va so‘nggi yillarda sohaga investitsiya jalb etish, bu boradagi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash samarasida erishilgan yutuq va loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan. Bundan tashqari, turizm sohasida yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, qiziqarli sayyohlik mahsulotlarini shakllantirishga doir ko‘rgazmalar tashkil etilgan, xorijlik mehmonlar va ishbilarmonlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar uyushtirilgan.

Anjumanga Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Xitoy, Bangladesh, Fransiya kabi qator davlatlardan Naqshbandiya tariqati namoyandalari tashrif buyurishgan. Ular ishtirokida Poyi Kalon ansambli, Mir Arab madrasasi, savdo toqlari, Labi hovuz kabi madaniy meros ob’yektlarida ko‘rgazmalar, seminarlar, ilmiy-amaliy uchrashuvlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilgan.

Anjumanda so‘z olgan Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi G‘ofur Razzoqov, xorijlik shayx Alaiddin Atoriy, shayx Sayful A’zam va boshqalar Bahouddin Naqshbandning ilmiy merosi, Naqshbandiya tariqatida ilgari surilgan g‘oyalar, uning komil inson tarbiyasidagi o‘rni kabi mavzularda munosabat bildirishgan.

Bangladeshlik sayyoh Shibli Ahmadning so‘ziga ko‘ra, Bangladeshda Naqshbandiya tariqati muxlislari 1 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.

"Ular Buxoroga Naqshband yurtiga kelishni orzu qiladi. Ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘qligi muammo bo‘lib turibdi. O‘ylaymanki, bu kabi reyslar yo‘lga qo‘yilsa, Bangladeshdan keladigan turistlar oqimi ko‘payadi", — deydi Shibli Ahmad.

Shundan so‘ng taomilga ko‘ra, ko‘plab ziyoratgohlar, shuningdek, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Mohitobon Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Xoja Muhammad Bahouddin Naqshbandiy qabrlariga ketma-ketlikda ziyorat uyushtirilgan.

 


Tanlangan kalimalar: #Buxoro

Aloqador xabarlar