O‘zbekiston-Turkiya aloqalariga oid hujjatlar kitob-albom shaklida chop etildi

O‘zbekiston Turkiya aloqalari hujjatlarda” kitob albomi chop etildi. Unda ikki mamlakat arxivlaridan tanlab olingan 113 ta hujjat chop etilgan.

1998069
O‘zbekiston-Turkiya aloqalariga oid hujjatlar kitob-albom shaklida chop etildi

 

O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixiy bosqichga ega. Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi rishtalar yana ham mustahkamlanayotgan bugungi kunda esa o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayni ikki mamlakatning turkiy xalqlar tamaddunining tamal toshini qo‘yishda ikki xalq o‘rtasidagi diplomatik aloqalar, ilm-fan vakillarining yakdilligi, adabiyot va san’at mushtarakligini alohida tilga olish kerak.

2018 yil 30 aprelda “O‘zarxiv” agentligi bilan Turkiya Respublikasi Bosh vaziri devoni huzuridagi Davlat arxivlari bosh direksiyasi o‘rtasida hamkorlikka doir protokol imzolangan edi. Ushbu hamkorlikning ilk samarasi sifatida “O‘zbekiston Turkiya aloqalari hujjatlarda” kitob albomi chop etildi. Unda ikki mamlakat arxivlaridan tanlab olingan 113 ta hujjat chop etilgan. Alohida qayd etish o‘rinliki, mazkur kitob tarixchi arxivshunoslarning zahmatli mehnati evaziga chop etildi. 

Kitobdan har ikki mamlakat rahbarlarining dil so‘zlari o‘rin olgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil Turkiyaga qilgan safari chog‘ida Turkiya-O‘zbekiston munosabatlariga doir ikki davlat arxivlaridagi saralangan hujjatlar asosida tadqiqot olib borish masalasi tilga olingan edi.  

Mazkur kitob ushbu ezgu tilaklarning ijobati bo‘ldi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an esa: ”Ushbu kitob orqali men mazkur mushtarak istagimizning ro‘yobga chiqqanidan juda xursandman. Xudo xohlasa, kelajakda mamlakatlarimiz o‘rtasida olib boriladigan bunday tadqiqot ishlari orqali umumtarixiy, madaniy va insoniy merosimizga muvofiq Turkiya va O‘zbekistonning birodarligini mustahkamlaymiz”, deya qalb so‘zlarini ifoda etadi.  

Kitob-albomning ikki mamlakat jamoatchiligi uchun ahamiyatini yana bir bor ta’kidlab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deydi: "So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Olim va tadqiqotchilarimiz ikki davlatning o‘ziga xos va mushtarak tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analari, qadimiy va serqirra adabiyoti haqida ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda. Jumladan, bugun dunyo yuzini ko‘rayotgan ”O‘zbekiston-Turkiya aloqalari hujjatlarda” nomli kitob-albom ham nafaqat ikki davlatning tarixiy munosabatlarini yoritib berishga, balki qardosh xalqlarning azaliy do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz"  

Kitobdan o‘rin olgan hujjatlarning mazmun mundarijasi rang-barang. Ularda Turkistondan kelayotgan Haj ziyoratchilari va savdogarlarining yo‘llardagi xavfsizligi, Hajga borgan Anushaxonnning mehmondo‘stligi, Eronda zindonband qilingan hojilarning qutqarilishi, Turkistondan kelgan elchilarning qabul qilinishi, xonlardan olib kelingan va olib boriladigan sovg‘a-salomlar, elchilar va hamrohlarning mo‘yna va boshqa hadyalari, vafot etgan elchi va uning hamrohlarini o‘z yurtiga qaytarish, Turkiston xonlari va musulmonlarning nizolarini hal etish, Usmoniylar yurtida qolgan asli turkistonliklarning mukofotlanishi, yordam ko‘rsatilishi, Usmoniylar mamlakatidan boshpana topgan musofirlarni joylashtirish, Madinadagi o‘zbek madrasasiga mudarris tayinlanishi, o‘zbeklar dargohi, Turkiston haqidagi Usmoniylar xorijiy elchilarining qaydlari,Turkistondan Usmoniy harbiy inshootlari va Hijoz temir yo‘li uchun yordam, Turkistondan ipak va paxta chigitining importi hamda shu kabi ko‘plab mavzudagi ma’lumotlar o‘rin olgan.  

Hujjatlarni o‘rgana turib, tarixiy manbalarning bugungi kungacha saqlanib qolgani-yu, uni zamondoshlarimizga yetkazishda soha xodimlari, turkiyalik birodarlarimizning asrlar bo‘yi qilgan ezgu zahmatini his etasiz.  

Hujjatlar soddalashtirilgan tarzda zamonaviy turk va o‘zbek tillarida tayyorlangan. Hujjatlar mazmun va shakliga ko‘ra turlicha. Ular talabnoma, xat, buyruq, nomai humoyun, kichik rasmiy xat, noma, tazkira, xatti humoyun, podshoh ruxsati, ruxsatnoma, shahodatnoma, irodai saniya, bildirishnoma, yozishma va irodai saniya(amr) kabi yana bir qator ko‘rinishlarga ega.  

Kitob shaklan katta va rang-barang hujjatlarni qamrab olgan zamonaviy andozada mukammal tarzda chop etilgan.  

Bugun butun dunyoda arxivshunoslar kasb bayramini nishonlamoqda. Zahmatli ma’naviy mehnatni zimmasiga olgan O‘zbekiston arxiv sohasi xodimlarining kasb bayrami muborak bo‘lsin! 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar