O‘zbek san’atkorlar Ozarbayjon davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

Ozarbayjonning Baku shahrida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” bo'lib o'tdi.

2021168
O‘zbek san’atkorlar Ozarbayjon davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

 

Ozarbayjonning Baku shahrida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” bo'lib o'tdi.

Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama madaniy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondan borgan madaniyat namoyandalari va san’atkorlarning chiqishlari jamoatchilik tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi. Xususan, Haydar Aliyev nomidagi konsert saroyida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri ishtirokida bo‘lib o‘tgan konsert dasturi ozarbayjonliklar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolsa, ajab emas.  

Tadbirlar doirasida bir guruh o‘zbekistonlik san’atkorlar Ozarbayjonning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi va mukofotlar tantanali topshirildi.  

Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva “Ozarbayjon xalq artisti” unvoni bilan, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov va O‘zbek davlat simfonik orkestri bosh dirijyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.  

Shuningdek, “Madaniyat  kunlari” tadbirlari dasturidan Muqumiy nomidagi davlat akademik musiqali teatr jamoasi tomonidan Abdulla Qodiriyning asari asosida tayyorlangan “O‘tkan kunlar”  va  Ozarbayjon dramaturgi Majid Shamxalov asari asosida  tayyorlangan “Qaynona” spektakllari namoyishi ham o‘rin olgan.  

Tadbirlarda Ozarbayjon jamoatchiligining faol ishtiroki O‘zbekiston madaniyatiga, san’ati va adabiyotiga katta qiziqish va ehtiromni ifoda etmoqda. Buning zamirida asrlar davomidagi tarixiy yaqinlik va madaniy bog‘liqlik aks etadi.    

Eng muhimi, Bakudagi “O‘zbekiston madaniyat kunlari” qardosh xalqlar o‘rtasidagi uzoq yillik madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga va o‘zaro mushtaraklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.  


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar