Anqarada O‘zbekiston amaliy san’ati ko‘rgazmasi tashkil etildi

Ko‘rgazmada Turkiya jamoatchiligiga O‘zbekistonning tarixi, madaniy merosi va urf-odatlarini aks ettiruvchi suratlar, milliy liboslar va cholg‘u asboblari namoyish etildi.

2029056
Anqarada O‘zbekiston amaliy san’ati ko‘rgazmasi tashkil etildi

 

O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligini nishonlash arafasida O’zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY va Anqara shahri Kechioren tumani hokimligi bilan hamkorlikda Anqarada O‘zbekiston amaliy san’ati ko‘rgazmasi tashkil etildi.

TURKSOY ga a’zo davlatlarning an’anaviy amaliy san’atiga bag‘ishlangan ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Kechioren tumani hokimi Turgut Altinok, Adolat va taraqqiyot partiyasi Anqara shahri deputati Zeynep Yildiz, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning Anqaradagi elchixonalari hamda mahalliy OAV vakillari qatnashdi.

Ko‘rgazmada Turkiya jamoatchiligiga O‘zbekistonning tarixi, madaniy merosi va urf-odatlarini aks ettiruvchi suratlar, milliy liboslar va cholg‘u asboblari namoyish etildi.

Shuningdek, joriy yilning 1 sentyabrida O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi nishonlanishi, mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot haqidagi ma’lumotlar ham tadbir ishtirokchilarining e’tiboriga havola etildi.

Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati Zeynep Yildiz o‘z nutqida mehmonlar e’tiborini turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning muhimligi, ayniqsa O‘zbekiston va Turkiya madaniyatlarining o‘xshashligi va uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratib, mazkur ko‘rgazmada namoyish e’tilayotgan O‘zbekiston boy madaniyati haqida ma’lumot beruvchi o‘zbek amaliy san’ati namunalari unda unutilmas taassurot qoldirganini qayd etdi.

Anqara shahri Kechioren tumani hokimi Turgut Altinok O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan muborakbod etib, barchaga tinchlik-xotirjamlik va yangi zafarlar tiladi.

“Biz borligimiz, birligimiz, urf-odatlarimiz va tariximizning madaniy merosini aziz fuqarolarimiz bilan birgalikda turkiy respublikalarining an’anaviy hunarmandchiligi ko‘rgazmasini o‘tkazayotganimizdan g‘ururlanamiz”, - deydi u.

Tadbir yakunida TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev O‘zbekiston tomoni va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, Turkiy madaniy merosining naqadar boy tarix va madaniyatga ega ekanligini keng  jamoatchilik, ayniqsa yoshlar ongiga yetkazishda bu kabi tadbirlar muhim rol o‘ynashini urg‘uladi.



Aloqador xabarlar