Alisher Navoiyning “Badoye’-ul-bidoya” devoni Istanbulda chop etildi

Kitob professorlar Vahit Turk va Jabbor Eshonqul sa’y-harakatlari bilan Turkiya yozma asarlari kengashi rayosati homiyligida yuksak poligrafik mezonlarda nashr qilingan.

2083085
Alisher Navoiyning “Badoye’-ul-bidoya” devoni Istanbulda chop etildi

 

Dunyo adabiyotidan o‘rin olgan durdona asarlarning insoniyat madaniy taraqqiyotida beqiyos o‘rni bor. Turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri Alisher Navoiy ijodini ham shunday hissador manbalar sirasiga kiritish mumkin. Ijodkorning olti asrdan beri avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, xalqning ong-u tafakkuriga ta’sir etib, uning haqiqat va ezgu umidlarini ifodalagan kitoblariqayta-qayta nashr etib kelinmoqda.

Ahamiyatli tomoni, Navoiy asarlari nafaqat mahalliy nashrlarda, balki xorijiy matbaalarda ham tayyorlanib, kitobxonlarga taqdim etilmoqda. Shunday noyob asarlardan biri – “Badoye’-ul-bidoya” devoni Turkiyaning Istanbul shahrida chop etildi. Kitob professorlar Vahit Turk va Jabbor Eshonqul sa’y-harakatlari bilan Turkiya yozma asarlari kengashi rayosati homiyligida yuksak poligrafik mezonlarda nashr qilingan.  

Ushbu nashrda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida 216-raqam ostida saqlanilayotgan “Badoye’-ul-bidoya” devoniga tayanilgan. Bu noyob qo‘lyozma 1486 yilda xattot Ali ibn Nur tomonidan Hirotda kitobat qilingan. Asarning o‘ziga xos jihati shundaki, u shoirning o‘zi tomonidan tartib berilgan birinchi rasmiy devoni hisoblanadi.  

Shu choqqacha devonning muallif hayotligida ko‘chirilgan sakkiz nusxasi fanga ma’lum qilindi. Bular 1480-1501 yillarda kitobat qilingan Parij, London, Tehron, Boku, Istanbul, Toshkent, Tehron  II nusxalaridir. Istanbul nashriga aynan Toshkent nusxaning asos qilib olinganiga sabab esa matnning to‘g‘riligi va she’rlar miqdorining ko‘pligi hamda shoirning bevosita nazaridan o‘tganlik ehtimoli bilan izohlash mumkin. Qolaversa, mazkur kitobda debocha ostidan o‘rin olgan Husayn Boyqaro ismi zarhal siyohda bitilgan. Matnshunos olim O.Jo‘raboyevning fikricha, bu qo‘lyozma shoh Husayn Boyqaro kutubxonasi uchun maxsus tayyorlangan va uning matni nisbatan sahihroqdir.  

“Badoye’-ul-bidoya”ning yangi nashri turkiy dunyo adabiyotini yana birqimmatli manba bilan boyitdi. Zero, kitobning avvalida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ta’kidlaganidek, turli soha va fanga oid boy, noyob matnlarni asrab-avaylash, tarjima yoki faksimil nashrlarni e’lon qilish svilizatsiyaning muhim bo‘g‘inlaridan sanaladi.  

E’tiborli jihati, kitobda Navoiy ijodi, faoliyati bilan chuqurroq tanishtirishda shoir biografiyasi, asarlari yozilish maqsadi, tuzilishi, g‘oyaviy konsepsiyasi, mavzu yo‘nalishlari haqida muxtasar ma’lumot beriladi hamda ularga oid turk olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar ham sanab o‘tilgan.  

“Badoye’-ul-bidoya”ning lotin alifbosidagi ilmiy tanqidiy matni mavjud nusxalar va asosan Toshkent nusxasi asosida tayyorlangan. Devon matni Navoiy tomonidan keyinchalik tartib berilgan “Xazoyin-ul-maoniy”dagi she’rlar bilan qiyosiy o‘rganilishi natijasida g‘azallarning ko‘pi “G‘aroyib-us-sig‘ar” devonidan o‘rin olganligi, boshqa janrlar esa har to‘rt devonda ham uchrashi haqidagi ma’lumotlar beriladi. Qolaversa, qiyos uchun 1987 yilda yurtimizda nashr qilingan “Mukammal asarlar to‘plami” yigirma jildlikning birinchi jildi ham olingan.  

Qo‘lyozmadagi misralar Turkiyada nashr etilgan devonlar bilan solishtirib, nusxadagi o‘zgarishlar,oldingi nashrlarda mavjud bo‘lmagan 96 bayt she’r va ularning keyinchalik qaysi devonda uchrashi qavs ichida raqamlari bilan izohlar ostida ko‘rsatilgan.  

Devonda 666ta g‘azal, 3ta mustazod, 3ta musaddas, 6ta muhammas, musamman, 2ta tarji’band, 47ta qit’a, 82ta ruboiy, 10 ta lug‘z, 52 ta muammo, 10ta tuyuq, 52 ta fard o‘rin olgan. Ya’ni Toshkent nusxada qanday joylashgan bo‘lsa, shunday tartib va miqdorda kelgan. Matnning qimmatini oshirgan yana bir tomoni, har bir nazmiy asardan oldin uning aruz vaznining qaysi bahrida yozilganligi haqidagi ma’lumotdir. Bunda kitobxonga mumtoz manbani o‘qish malakasini shakllantirishiga yordam berishi ko‘zda tutilgan:  

Asli: Ne ajab gar qilmasam gulrang bo‘yin orzu,  

Kim erur ondin dimog‘im ichra o‘t, ko‘zimda su, –  

Fardi Istanbul nashrida quyidagicha beriladi:  

Faʻilätün Fäʻilätün Faʻilätün Fäʻilün  

Ni aceb ger kılmasam gül-reng ü büyın arzů  

Kim irür andın dimāğım içre ot közümde su..  

Aynan shu namunaning Turkiyadagi nashrlarda uchramasligi haqida ham izohlarda ko‘rsatkich orqali ifodalangan.  

Kitobning uchinchi qismidan 216-raqamli Toshkent nusxaning foto-faksimil nashri o‘rin olgan. Bunda qo‘lyozmaning butun xarakterli tomonlarini ko‘rsatish, noyob nusxaning keng kitobxonlar ommasiga tanitish, keyingi ilmiy tadqiqotlarda manba sifatida foydalanish kabi vazifalarni bajarishi ahamiyatlidir. Zero, faksimil nashr qo‘lyozmani ayanan aks ettirib, uning qimmatli jihatlarini ko‘rsatishga, asl manbaning qandayligi haqida tasavvur hosil bo‘lishiga xizmat qiladi.  

Umuman olganda, “Badoye’-ul-bidoya” devonining ushbu nashri keng miqyosdagi katta bir tadqiqotni, adabiy asarni yuzaga chiqargan. Natijada Navoiy lirikasining nisbatan to‘liq va tog‘ri matni shakllantirilgan. Qolaversa, kitob muqovasi, ichki dizaynida XXI asr va shoir yashagan davr kitobat an’analari uyg‘unlik kasb etgan. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi bunday nashrlar daho ijodkorlarning asarlarini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi.  


Tanlangan kalimalar: #Badoye’-ul-bidoya , #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar