Bursada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi

Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2101073
Bursada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi

 

Kuni kecha Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ushbu tadbir ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan qutlab, mazkur  markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajap Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan ochilayotganini qayd etdi.

U shuningdek, yaqin orada O‘zbekistonda ham Turkiyaning “Yunus Emre” fondi vakolatxonasi ochilishi kutilayotganini ham ma’lum qildi.  

Bu markaz qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun kerakli zaruriy manbalar bilan ta’minlanadi. Qolaversa, markaz ikki universitet o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalarning o‘zaro tajriba almashinuvi uchun ham xizmat qiladi.  

Shuningdek, bu yerda turk qardoshlarimiz, Turkiya yoshlari O‘zbekiston haqida, uning tarixi, buguni va ertasi xususida keng ma’lumot olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ushbu markazga 200 dan ortiq ilmiy, badiiy va ommabop kitoblar, o‘zbek milliy amaliy san’at buyumlari, cholg‘u asboblari sovg‘a qilindi.    

Mazkur markazda bundan buyon muntazam ravishda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tishi, o‘zbek olimlari va shoirlari, yozuvchilari, san’at vakillarining uchrashuvlari o‘tkazilishi, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston”ning buguni va istiqboli haqida turli ma’ruzalar tashkil etilishiga kelishib olindi.  

Markaz ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniyatlarni yaqinlashtirish, ta’lim muassasalarining o‘zaro tajriba almashishida ham muhim o‘rin tutishi har ikki mamlakat vakillari tomonidan ta’kidlanib,  bunday ezgu tashabbuslar ma’qullandi.  

 


Tanlangan kalimalar: #Bursa , #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar