Qirg‘izistonda “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ma’qullandi

Qirg‘izistonda nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish 2023 yil boshida parlament deputati Nodira Normatova tomonidan ilgari surilgan edi.

2106051
Qirg‘izistonda “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ma’qullandi

 

Qirg‘iziston parlamenti “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qulladi.

22 fevral kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda 64 deputat ushbu qonunga “ha” deb ovoz bergan bo‘lsa, 5 nafar deputat “yo‘q” deb ovoz berdi.

Qonunga qarshi chiqqan deputatlardan biri Dastan Bekeshev mazkur qonun mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, ta’lim va qishloq xo‘jaligi kabi chet el mablag‘laridan foyda ko‘ruvchi sohalarga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Qirg‘izistonda nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish 2023 yil boshida parlament deputati Nodira Normatova tomonidan ilgari surilgan edi.

U qonunchilikka chet eldan mablag‘ oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga “xorijiy vakil” atamasini kiritish, shuningdek, bunday tashkilotlar reyestrini yaratishni taklif qilgan. Unga ko‘ra, reyestrga kirish – tashkilotning mamlakatda faoliyat yuritishiga ruxsat berilganligini bildiradi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Human Rights Watch, Amnesty International va EXHT Jogorku Keneshni qonun loyihasini rad etishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi ham qonun loyihasi oqibatlaridan xavotir bildirdi va bu Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro donorlarning mamlakatda ishlashini qiyinlashtirishini aytdi.

Avvalroq, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Qirg‘izistonda qabul qilinishi kutilayotgan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasidan xavotir bildirgan. Blinken bu kabi qonunlarning salbiy oqibatlarini boshqa mamlakatlarda ham kuzatganligini qo‘shimcha qilgan edi.

Qirg‘iziston davlat rahbari esa Blinkenning maktubiga o‘z munosabatini bildirib, AQSh va boshqa davlatlarni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka, jarayonlarni xolisona baholashga chaqirgandi.


Tanlangan kalimalar: #Qirg'iziston

Aloqador xabarlar